Mustaqil davlatlar hamdo’stligi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish davlatlararo kengashining 55-chi yig’ilishi qaroriga muvofiq Metrologiya va laboratoriyalararo solishtirish sinovlari bo’yicha ilmiy-texnik komissiya xuzuridagi Ishchi guruhning navbatdagi 10-chi yig’ilishi  Belarus Respublikasining Minsk shahrida bo’lib o’tdi.

Mazkur nufuzli uchrashuvda O’zbekiston milliy  metrologiya instituti nomidan qiyoslash va o’lchash xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Javohir Nosirov ishtirok etdi.

Xalqaro yig’ilishda ishtirokchi-davlatlarida laboratoriyalararo solishtirish sinovlari orqali laboratoriyalar layoqatliligini tekshirish sohasida milliy idoralari tomonidan 2018-2019 yillarda amalga oshirilgan ishlarning sarhisobi qilindi.

Shuningdek uchrashuv doirasida tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi  laboratoriyalararo solishtirish sinovlarini o’tkazish, sinov laboratoriyalarining layoqatliligini tekshirish masalasida yangi kiritilgan ISO 13528:2015 standartining ahamiyati xususida taklif va mulohazalar bildirildi.

Yig’ilish yakunida navbatdagi yig’ilishini 2020 yil sentyabr-oktyabr oylarida O’zbekiston Respublikasida o’tkazish imkoniyatini ko’rib chiqishga  qaror qilindi.