Milliy iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan texnik jihatdan tartibga solish sohasi uchun ham Jahon savdo tashkiloti (WTO)ga a’zo bo‘lishning afzalliklarini chuqur o‘rganish, bu borada aniq mezonni belgilab olish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, 1995 yil 1 yanvaridan faoliyatini boshlagan Jahon savdo tashkilotining ayni vaqtda 164 ta a’zo mamlakati uchun yangi bozorlar ochiq hisoblanadi. Uning normativ-huquqiy bazasini 10 dan ziyod turli yo‘nalishdagi bitimlar tashkil etadi. Tashkilotning barcha a’zolari uchun mazkur hujjatlar talabini bajarish majburiy sanaladi. Ushbu xalqaro tashkilotga, a’zo bo‘lishni istagan davlatlar o‘z milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi lozim bo‘ladi.
Shu maqsadda, "O‘zstandart" agentligi tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida Xalqaro savdo markazi (ITC) ekspertlari bilan videokonferensiya tashkil etildi.
Tadbirda sohalarga oid milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlarida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro taqqoslash va muvofiqlashtirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda standartlar, texnik reglamentlarning o‘rni va roli, muvofiqlikni baxolash, ichki va tashqi bozorlarda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqib tarif va notarif tartibga solish tizimini ishlab chiqish
va takomillashtirishdagi xalqaro tajriba, sanitar va fitosanitar choralarni qo‘llash bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbir natijasiga ko‘ra, ITC ekspertlari tomonidan standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish xamda muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunlarni takomillashtirishda amaliy yordam berilishi va savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish etish bo‘yicha seminarlar tashkil etishga kelishildi.