(OʻRQ-705-son, 02.08.2021-y.)

“COVID-19"ga qarshi kurash bugun tamoman boshqa bosqichga koʻtarildi, qatʼiy tartiblar kundalik odatga aylanib ulgurdi –  karantin, ijtimoiy masofa, niqob taqish... Umuman, koronavirus turmush tarzini keskin oʻzgartirishga majbur qildi: bayramlardan tortib dafn marosimigacha. Endilikda shunisi ayon, insoniyat koronavirus bilan birga yashashga majbur, hali undan butunlay xalos boʻlish imkoni toʻliq maʼlum emas.

Ayni shunday sharoitda sogʻlom jamiyatni tiklash, virusga qarshi jamoaviy immunitetni shakllantirishning eng optimal yechimi vaksina olish ekanligi allaqachon isbotlandi.

Ilm-fan yutuqlari natijasida yaratilgan vaksinalar jamiyat tomonidan doim ham toʻgʻri qabul qilinmayapti. Bunday vaziyatda hukumatlar tomonidan yuqori xavf ostida boʻlgan ijtimoiy guruhlarni majuriy vaksina qilish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Xususan, Avstraliyada (https://www.reuters.com/world/countries-make-covid-19-vaccines-mandatory-2021-07-13/) joriy yil iyun oyini oxirida karantinli mehmonxonalarda keksa yoshdagi ishchilar va xizmatchilar uchun COVID-19 vaksinasi bilan emlash majburiy qilindi. Tokioga boradigan parolimpiya sportchilari uchun emlanish majburiy qilingan.

Angliyada esa oktyabr oyidan boshlab “Qariyalar uyi” ishchilari uchun koronavirusga qarshi emlash majburiy boʻladi.

2021-yil 12-iyuldan Fransiyada barcha sogʻliqni saqlash xodimlari, kinoteatrga boradiganlar yoki poyezddan foylananmoqchi boʻlganlar emlanganligi toʻgʻrisida hujjatni yoki kovidga chalinmaganligi boʻyicha salbiy test natijasini koʻrsatishi shart.

Qoʻshni Qozogʻistonda 2021-yil iyun oyidan 20 dan ortiq sohada ishlaydigan odamlar majburiy emlangan, emlashdan bosh tortganlarda haftalik sinovlar oʻtkazilgan.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida qator choralar koʻrilmoqda.

Joriy yilning 2-avgustida Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan Mehnat kodeksiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi boʻlganda profilaktik emlashdan oʻtishni rad etsa (qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli ekanligiga oid koʻshimcha kiritildi.

Shuningdek, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi boʻlganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkin.

Ushbu normalarning belgilanishidan asosiy maqsad koronavirusga qarshi vaksina olishni kengaytirish orqali jamoaviy immunitetni hosil qilishdan iborat.

“COVID-19”ga qarshi emlaning hamda oʻzingiz, oila aʼzolaringiz va jamiyat salomatligini asrang!