Joriy yil 18-mart kuni Moskva shaxrida MDH Iqtisodiy kengashining navbatdagi 93-yigʻilishida ilk bor Oʻzbekistonning “Indorama Kokand Textile” va “AGROMIR” korxonalari, mahsulot va xizmatlar sifati sohasida erishilgan yutuqlari uchun MDH Mukofoti laureatlari deb eʼlon qilindi.

Tanlov gʻoliblari diplom bilan taqdirlanadi va sovrin logotipidan 3 yil davomida mahsulotlarini yorliqlashda reklama maqsadlarida foydalanishlari mumkin boʻladi.

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi jamoasi vakillari Qoʻqon shahridagi “Indorama Kokand Textile” korxonasida boʻldilar. Toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlash hamda eksportga yoʻnaltirishda yetakchi ishlab chiqaruvchilardan hisoblangan mazkur korxonaga standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida yanada hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlardagi korxonalarning yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishini ragʻbatlantirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek MDH hamda jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida MDHga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining 2020-yil 29-maydagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq 2 yilda 1 marotaba Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun MDH mukofoti tanlovi oʻtkazish joriy etilgan.

Tanlov shartiga muvofiq MDHga aʼzo davlatlarga kamida 2 yil davomida mahsulotlarini eksport qilgan va yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarilishini taʼminlagan sanoat, isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar ishtirok etishi belgilangan.