“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. Haitov navbatdagi sayyor qabulni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘tkazdi. Respublikamiz Prezidenti tomonidan 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deya nomlangani munosabati bilan agentlik Bosh direktori tomonidan Sayyor qabul rejasi tasdiqlandi. Asosiy e’tibor, Jismoniy va yuridik shaxslar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish, ularning Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish yo‘nalishlaridagi savollariga javob berishdan iborat. Qarshi shihrida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabulda “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A. Haitov aholi va tadbirkorlarga tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va istiqboldigi vazifalar haqida batavfsil ma’lumot berdi. Sayyor qabulni Qashqadaryo viloyati hokimligi tadbirkorlarni qullab quvvatlash va eksportga ko‘maklashish guruhi rahbari S.Sodiqov ochib, tadbir ishtirokchilari va kun tartibidagi masalalar bilan barchani tanishtirdi. Shundan so‘ng A.Haitov yig‘ilish ishtirokchilariga minnatdorchilik izhor etib, ushbu uchrashuv “O‘zstandart” agentligi tomonidan 2017 yil 5 yanvarda tasdiqlangan “2017 yil 1-yarim yillikda viloyatlardagi shahar va tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslarni sayyor qabuli jadvali” asosida o‘tkazilayotganligi, “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori va ularning o‘rinbosarlari tuman va shaharlarda bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazishlari, ular uchun maxsus qabullar uyushtirishlari, mavjud muammolarning yechimini topishda amaliy yordam ko‘rsatishlari, zarurat tug‘ilgan taqdirda Hukumat darajasiga ko‘tarish lozimligini qayd etdi. Shu bilan birga, shu kabi sayyor uchrashuvlar Respublikaning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilib kelinayotganligini ta’kidlab, uchrashuv qatnashchilarini faolroq bo‘lishga, o‘zlaridagi mavjud muammolarni ochiq-oydin aytishga chaqirdi. A.Haitov o‘z so‘zini davom ettirib, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan fuqarolarning davlat idoralariga murojaat qilishi, maqsad-muddaolarini amalga oshirilishini ta’minlaydigan tizim yaratilayotganligi, 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani, Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingani, mahalliy hokimliklarda “Xalq qabulxonalari”, vazirlik va idoralarda virtual qabulxonalar tashkil etilgani ana shu maqsadga xizmat qilayotganligini gapirib o‘tdi. Shuningdek, A.Haitov o‘z so‘zida “Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, eksportda fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish” yo‘nalishida Hukumatimiz tomonidan keng qamrovli ishlar olib borilyotganligi, jumladan 2016 yilning 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4848-sonli Farmoni shu islohotlarning uzviy davomi ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 fevraldagi “Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-2750-son qarori qabul qilinishi tadbirkorlikni rivojlantirishda tub burilish bo‘lganligi to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi. Tadbirkorlar uchun yaratilgan “Yagona oyna”, “Onlayn hujjatlarni qabul qilish” tizimlari, vazirlik va idoralarda o‘rnatilgan ishonch telefonlari biznesni rivojlantirishga, texnik to‘siqlarni bartaraf etishga, shuningdek shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Bu borada “O‘zstandart” agentligi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilib kelinganligi to‘g‘risida aytib o‘tdi. Shundan keyin sayyor qabul uchrashuvi qatnashchilariga Qashqadaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi faoliyati, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘g‘risidagi video-rolik namoyish etildi. Qashqadaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i D. Rizayev so‘zga chiqib, boshqarmada bugungi kunda standartlarni tekshirish va nazorat qilish hamda o‘lchovlarni yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha davlat inspektorlari, alkogol mahsulotlari sifati bo‘yicha davlat inspektori, me’yoriy hujjatlarni ekspertizasi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi vakili faoliyat ko‘rsatayotganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, boshqarmaning normativ hujjatlari Davlat fondi yuritilayotganligi, ishlab chiqaruvchilar hamda kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini doimiy ravishda me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash maqsadida “O‘zstandart” agentligi va uning hududiy boshqarmalari huzurida Axborot-ma’lumot konsultativ markazlari tashkil etilganligi, tadbirkorlar uchun elektron kutubxona tashkil etilib, chet el, Davlat va xalqaro standartlar talablarini bepul o‘rganishlari mumkinligini ta’kidladi. Xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratish, ularga standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida qonun buzilish holatlarini oldini olish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazib borilayotganligi, eksportyor korxonalar bilan amaliy ko‘mak berish rejalarini tuzish va kelishish ishlari yakunlanayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori U.Amirqulov so‘zga chiqib, markazda yaratilgan barcha qulayliklar, uning tarkibidagi bo‘limlar, sertifikatlashtirish idoralari, sinov va qiyoslov laboratoriyalari tomonidan aholi, tadbirkorlar va kichik biznes vakillariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlari haqida, o‘lchov vositalarini qiyoslash ko‘chma avtomobillarda joyiga chiqib amalga oshirilayotganligini aytib o‘tdi. Bugungi kunda markazda mahsulotlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha idora faoliyat ko‘rsatayotganligi va uning akkreditatsiya doirasi barcha mahsulotlarga kengaytirilganligini ta’kidladi. Shuningdek, sifatni boshqarish tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi faoliyat yuritayotganligi va hozirda uni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish ishlari olib borilayotganligi to‘g‘risida aytib o‘tdi. Qolaversa, markazning elektron sayti tashkil etilgan bo‘lib, unda “onlayn murojaatlarni qabul qilish” hamda sohaga oid ma’lumotlarni olish mumkinligini aytdi. Muvofiqlik sertifikatlarini olishda agentlik xizmatlarini ko‘rsatish va import mahsulotlariga rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlarini “TAMEKS” Tovarlarni bojxona ekspertizasi elektron dasturiga kiritilishi tadbirkorlarning bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda vaqtlari tejalishi to‘g‘risida, shu bilan birga sifat tizimini joriy etish tizimi, ya’ni korxonalarda qanday hujjatlar ishlab chiqilishi, sertifikatlashtirish ishlari hamda sifat tizimining mazmun mohiyati va uning afzalliklari to‘g‘risida birma-bir tushunchalar berdi. Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilariga, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi, sifat tizimi to‘g‘risidagi 4 turdagi 200 nusxada bukletlar to‘plamlari tarqatildi va ishtirokchilarning sohaga oid qiziqtirgan savollariga javob berildi: 1. “Qashqadaryo asali” MChJ rahbari Karim Xolnazarovdan savol: Jamiyatimiz tomonidan yetishtirilgan asal mahsulotiga gigiyena xulosa va muvofiklik sertifikatlari olganmiz. Lekin ushbu mahsulotni xorijga eksport qilinganda xorijiy davlatlarga shu mahsulot uchun qo‘shimcha tarzda sifatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar talab etilishi mumkinmi? Javob: Xar bir davlat o‘z bozorini sifatsiz mahsulotlardan himoyalash maqsadida zarur standartlar, texnik reglamentlar va boshqa huquqiy hujjatlar ishlab chiqadi. Ushbu hujjatlarda belgilangan ko‘rsatkichlar bo‘yicha mahsulotning sifatiga doir qo‘shimcha sinovlar o‘tkazilishi mumkin. 2. “Raxmatov Shoxrux” oilaviy tadbirkordan savol: Men qolipli non ishlab chiqarishga mo‘ljallangan tadbirkorlik faoliyati uchun barcha zarur hujjatlarni tayyorlaganman. Lekin 3 oydan buyon non ishlab chiqarish uchun Qarshi shahar hokimligidan un fondi ajratilmadi. Non mahsulotlarini ishlab chiqarishim uchun un olishga (limit ajratilishida) yordam bersangiz? Ushbu savolga javob berish va amaliy yordam ko‘rsatish uchun yig‘ilishda ishtirok etayotgan Qashqadaryo viloyati hokimligi tadbirkorlarni qullab quvvatlash va eksportga ko‘maklashish guruhi rahbari S.Sodiqovga tegishli ko‘rsatma berildi. S.Sodiqov ushbu masalani Qarshi shahar hokimligiga bilan limit ajratilmayotganligi sabablarini o‘rganib, zarur yordam ko‘rsatilishi va murojaatchiga tegishli ma’lumot berilishi haqida aytib o‘tdi. 3. “Laylo Fayz” MChJ direktori R. Ashurovdan savol: Men qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Buning uchun muvofiqlik sertifikati olishim zarurmi? Javob: Ha. Muvofiqlik sertifikati olish shart. Chunki ushbu mahsulot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi 122-sonli qarorining 1-ilovasiga asosan majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Aholini sog‘ligini himoya qilish maqsadida aholi iste’mol qilayotgan barcha mahsulotlar majburiy tarzda sertifikatlash ro‘yxatiga kiritilgan. 4. YaTT Qodirova Ra’nodan savol: Men qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib chetga eksport qilishni rejalashtirdim, buning uchun muvofiqlik sertifikati olish majburiymi? Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi 122-sonli qarorining 3-bo‘limi, 1-bandiga asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chet elga eksport qilishda, ushbu mahsulotlar eksportga yo‘naltirilganda sertifikatlashtirish ixtiyoriy holda amalga oshiriladi. 5. Fuqaro Mustafayev Bunyodjondan savol: Mahsulot yorlig‘ini shtrix kodlash uchun qayerga murojaat etiladi? Javob: Mahsulotlarni shtrix kodlash uchun Xalqaro GS 1 UZBEKISTAN asssotsiatsiyasiga hamda “O‘zstandart” agentligi “Shtrix kodlashtirish markazi” Davlat korxonasiga murojaat etishingiz mumkin. 6. YaTT Jo‘rayev Ozoddan savol: Eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi va poliz ekinlari mahsulotlariga sertifikat muddatlari qancha muddatga beriladi. Javob: Qishloq xo‘jaligi va poliz ekinlari mahsulotlariga mahsulotning me’yoriy hujjatida ko‘rsatilgan yaroqlilik muddatiga qadar beriladi. 7. Fuqaro Tuxtayeva Maqsudadan savol: Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish uchun qaysi tashkilotga murojaat qilish kerak va sertifikatlashtirish uchun qancha muddat ketadi? Javob: Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish uchun Qarshi shahri Xo‘jabog‘ ko‘chasi 6 uyda joylashgan Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi qoshidagi sertifikatlashtirish idorasiga murojaat etishingiz mumkin. Sertifikatlashtirish uchun ketadigan muddat keltirilayotgan mahsulotlarga 10 ish kuni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga 10 kundan 30 kungacha muddatga amalga oshiriladi. 8. “Antiqa omad savdo” rahbari A. Irgashevdan savol: Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni chet elga eksport qilish uchun sertifikatlashtirish idorasiga va bojxonaga qanday hujjatlarni taqdim etishim lozim bo‘ladi? Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 28.04.2011 yildagi 122-sonli qarorining 3-bo‘limi, 1-bandiga asosan mahsulotlarni chet elga eksport qilishda sertifikatlashtirish ishlari ixtiyoriy holda amalga oshiriladi. Hozirgi kunda Qarshi shahar Xo‘jabog‘ ko‘chasi 6 uyda joylashgan Qashqadaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi qoshida mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu byuroga murojaat etsangiz mahsulotingizni eksport qilish uchun barcha hujjatlarni tayyorlashda va barcha muammolarni hal etishda amaliy yordam beriladi. 9. “Amirqulov Sarvar Saidovich” XK direktori S.Amirqulovdan savol: Korxonamizda iste’mol uchun zig‘ir yog‘i mahsulotini ishlab chiqarmoqchimiz. Bu mahsulotga me’yoriy hujjatlarni qaysi tashkilotdan olishimiz mumkin? Javob: Ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan iste’mol uchun zig‘ir yog‘i mahsulotingizga me’yoriy hujjatlarni “O‘zstandart” agentligi Axborot va ma’lumot markazidan yoki Qashqadaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasidan shartnomaga asosan olishingiz mumkin. Agar mahsulotingizga yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlarda me’yoriy hujjat bo‘lmasa, korxonangiz uchun “Tashkilot standarti – Ts” ishlab chiqib, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligidan va “O‘zstandart” agentligidan ro‘yxatdan o‘tkazishingiz zarur bo‘ladi. Sizga, o‘z “Tashkilot standarti – Ts”ni ishlab chiqishda, murojaatingizga asosan Qashqadaryo standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi amaliy yordam ko‘rsatadi. 10. “Komfort Baraka lyuks” MChJ rahbari Ulug‘bek Qudratovdan savol: Jamiyatimiz tomonidan chet davlatdan oziq-ovqat mahsulotlari olib kelmoqchi bo‘lsak, mahsulotlarning yorliqlarini (markirovka) o‘zbek tilidagi tarjimasini taqdim etishimiz shartmi? Javob: Agar Siz olib kelmoqchi bo‘lgan mahsulot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 1 iyuldagi № 127-sonli qarorining 3-5- bandlariga va 1-ilovasiga asosan yorliqlanishi (markirovkalash) shart bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, bu mahsulotning yorliqlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinishi shart. Yorliqlar mahsulotning me’yoriy hujjati talablariga muvofiq bo‘lishi va ular iste’molchilar uchun tushunarli, ishonchli bo‘lishi kerak hamda mahsulot to‘g‘risida barcha ma’lumotlar: ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, tarkibi, energetik quvvati, saqlash sharoiti. 11. “Al-Said ta’minot savdo” MChJ raisi Abbos Madatovdan savol: Xitoy davlatidan jamiyatimizdagi mavjud ishlab chiqarish dastgohlari uchun ehtiyot qismlar olib kelinsa, ushbu ehtiyot qismlariga muvofiqlik sertifikati olishimiz majburiymi? Javob: O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida 1458-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirilish tartibi, qoidalari” ning 50-bandiga asosan o‘z ehtiyoji uchun olib kelingan mahsulotlar muvofiqlik sertifikatisiz bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilishi mumkin. 12 . “Nur non” MChJ rahbari J. Qurbonovdan savol: Yangi mahsulot ishlab chiqarishda me’yoriy hujjatimiz bo‘lmagan holatda boshqa yuridik shaxsning roziligi bilan, uning me’yoriy hujjatidan (Tashkilot standari) mahsulot ishlab chiqarish va sertifikatlashtirishda foydalanishimiz mumkinmi? Javob: O’z DSt 1.28:2013 me’yoriy hujjatiga 2014 yil 22 dekabr kuni kiritilgan 1-o‘zgartirishning 10-bo‘limi, 10.3-bandiga asosan Tashkilot standartining egasi bo‘lgan korxonaning ruxsati bilan mahsulot ishlab chiqarishda, sotishda va sertifikatlashtirishda foydalanilishi mumkin. 13. “Shahrisabz oziq-ovqat mollari” MChJdan savol: ISO 9001 sertifikati necha yil muddatga beriladi? Javob: ISO 9001 “Sifatni boshqarish tizimi” muvofiqlik sertifikati 5 yil muddatga beriladi. 14. “Shahrisabz vino-aroq” AJ raisi Bekzod Muxtorovdan savol: Jamiyatimiz ISO 9001 sertifikatiga ega bo‘lsa, ushbu sertifikat mahsulotimizga ham amal qiladimi? Javob: ISO 9001 sertifikati jamiyatda sifatni boshqarish tizimi joriy etilganligini bildiradi. Shunday ekan, mahalliy qonunchilikka asosan mahsulot uchun muvofiqlik sertifikati olinadi. 15. “Xusniddin” XF rahbari J. Nabiyevdan savol: Ba’zi bir mahsulotlar yorlig‘idagi ISO 22000 kabi belgilar o‘rnatilgan bo‘lib, bu nimani anglatadi? Javob: ISO 22000 belgisi korxona xalqaro standart talablariga muvofiq “Oziq-ovqat mahsulotlari havfsizligi menejmenti tizimi” asosida sertifikatlashtirilganini bildiradi. 16. “Sadaf qandolat” MChJ raisi K. Vasiyevdan savol: Agar tadbirkorlik sub’ekti ishlab chiqarilayotgan mahsuloti standart talablariga nomuvofiq bo‘lsa qanday choralar ko‘riladi? Javob: Nomuvofiq mahsulot ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, namuna olingan to‘pini sotishga taqiqlash, nopmativ hyjjatlapu bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa ishlab chiqarishni taqiqlash va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 212-moddasi bilan jarimaga tortiladi. 17. “Xurshid” XF rahbari X. Ergashevdan savol: Mening elektron elektr hisoblagichimni qiyoslov muddatining amal qilishi 2016 yilning 17 avgust kuniga qadar belgilab berilgan. Shunga ko‘ra 17 avgust kuni ham kiradimi yoki yo‘qmi? Javob: O‘lchash vositalarini qiyoslov davriyligiga qiyoslangan kuni ham kiradi, Siz 17 avgust kunida ham hisoblagichdan foydalanishingiz mumkin. 18. “Pokiza non mahsuloti” MChJ mutaxassisi D. Boltayevdan savol: Biz hozirgi kunda qaysi turdagi gaz, issiq suv, sovuq suv va elektr xisoblagichlarni xonadonimizga o‘rnatsak bo‘ladi yoki aniq bir turdagi hisoblagichlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘rnatilish belgilab berilganmi? Agar belgilab berilgan bo‘lsa hisoblagichlarni ro‘yxatini qayerdan olsak bo‘ladi. Javob: Siz xonadoningizga O‘zbekiston Respublikasining o‘lchash vositalari davlat reyestiriga kiritilgan hamda belgilangan tartibda davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgan o‘lchash vositalarini o‘rnatishingiz shart. 19. “Qarshi Dunyo-M” xodimi G‘. Umarovdan savol: Mening xonadonimda SO-5 turdagi, qora induksion elektr hisoblagichi o‘rnatilgan. Elektr ta’minoti korxonasida elektron elektr hisoblagichlari yo‘qligi sababli almashtirishmayapti, induksion elektr hisoblagichlari davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkaziladimi? Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.11.2004 yildagi № 512-sonli qarori bilan navbatma navbat 2005-2008 yillarda zamonaviy elektron elektr hisoblagichlarga almashtirilishi belgilab berilgan. Induksion elektr hisoblagichlar har xil nizolar kelib chiqqanida va boshqasiga almashtirish jaryonida faqat ekspert qiyoslovidan o‘tkaziladi. 20. “Qarshi birlashgan yoqilg‘i ombori xo‘jaligi” mutaxassisi Baxriddin Ro‘ziyevdan savol: Gaz ta’minoti korxonasi nazoratchisi gaz hisoblagichning yaroqsizligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirish huquqiga egami? Javob: Yo‘q. Bunday xulosani faqat davlat metrologik xizmati organi xodimlari davlat metrologik tekshiruvining salbiy natijasiga muvofiq rasmiylashtiradi. 1. “Nishon PT” OAJ raisi Erkin Imomovdan savol: Maishiy gaz, suv va elektr hisoblagichlarni davriy qiyoslash, navbatdan tashqari qiyoslash qanday tartibda va kim tomonidan amalga oshirilishi mumkin? Javob: Maishiy gaz, suv va elektr hisoblagichlarni davriy qiyoslash, navbatdan tashqari qiyoslash Davlat metrologik xizmati organi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘lchash vositalari nomlar ro‘yxatida belgilangan davr bo‘yicha 4 yilda 1 marotaba davriy qiyoslashdan o‘tkaziladi, shuningdek O‘lchash vositalarining qiyoslash davri tugamasdan iste’molchining talabiga ko‘ra navbatdan tashqari qiyoslash ishlari amalga oshirilishi mumkin. 22. “Koson yog‘-ekstraksiya” AJ rahbari O. Daminovdan savol: Elektr energiyasi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish qanday tartibda amalga oshiriladi va qiyoslashdan o‘tkazish uchun taqdim etishga kim mas’ul? (xonadon egasimi yoki elektr ta’minoti korxonasimi?) Javob: Elektr energiyasi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida Davlat ro‘yxatidan 2015 yil 1 dekabr kuni 2736-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan tartibda o‘tkaziladi va ushbu Nizom talablari bo‘yicha hisoblagichni qiyoslashga elektr ta’minoti korxonasining shtatdagi xodimi taqdim etishi belgilangan. 23. “Kardio plyus” XK rahbari Nargiza Polvonovadan savol: Gaz sarfini hisoblagichi qiyoslov muddatiga ega, ishlash jaryonida hisoblagich nosoz holga kelib qolganda uni qayta ta’mirlangandan so‘ng yana qiyoslovdan o‘tkazilishi shartmi? Javob: Qayta qiyoslovdan o‘tkazilishi shart. 24. “Murodov Murod” XK rahbari Murod Murodovdan savol: Rossiya davlatidan sotib olingan o‘lchash vositasi (maishiy gaz hisoblagichi) texnik hujjatida davriy qiyoslash muddati 8 yil etib ko‘rsatilgan. Ushbu davriy qiyoslash muddati O‘zbekiston Respublikasida ham amal qiladimi? Javob: Yo‘q. O‘lchash vositalari O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgandan so‘ng uning qiyoslash davri O‘zbekiston Respublikasining O‘lchash vositalari nomlar ro‘yxatida belgilangan muddat bo‘yicha davlat qiyoslovidan o‘tkaziladi. 25. “Barcha yo‘nalishlar savdosi” MChJ rahbari Akmal Tuxtayevdan savol: Qanday o‘lchash vositalari kalibrlashdan va qanday o‘lchash vositalari majburiy davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi kerak? Javob: Davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tadbiq etiladigan doiralarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalar majburiy davlat qiyoslovidan o‘tkaziladi, doiradan chetda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalar kalibrlashdan o‘tkazilishi mumkin. 26. “Ruslan gaz sifat servich” MChJ rahbari Jamshid Azizovdan savol: Rossiya davlatidan elektron elektr hisoblagich olib kelgandim, uni qanday qilib qiyoslov ko‘rikdan o‘tkazishim mumkin? Javob: Har bir chetdan Respublikaga kirib kelayotgan hisoblagichlar sinovdan o‘tkazilib davlat reyestriga kiritiladi va turi tasdiqlanadi. Agar davlat reyestiriga kirgan bo‘lsa ushbu hisoblagich davriy qiyoslovdan o‘tkaziladi. 27. “Qarshi shahar dehqon oziq-ovqat bozori” MChJ xodimi Olmos Joniyevdan savol: Bozorlarda mahsulotlarni sotishda foydalanilayotgan o‘lchash vositalari (elektron va pallali tarozilar, toshlari) qanday muddatlarda davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi kerak? Javob: O‘zbekiston Respublikasining o‘lchash vositalari nomlar ro‘yxatiga muvofiq Dehqon bozorlarida mahsulotlarni sotishda foydalanilayotgan tarozi va tarozi toshlari 1 yilda 1 marotaba davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi shart. 28. “Qarshi yog‘-ekstraksiya” AJ mutaxassisi Baxriddin Ibragimovdan savol: Gaz sarfini hisoblagichlarning qiyoslash muddatlari yuridik va jismoniy shaxslarga nima uchun ikki xil? Javob: “O‘zstandart” agentligi bosh direktori tomonidan 2011 yilning 1 fevralida tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan, majburiy davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan va ularning davriyligi belgilangan namunaviy va ishchi o‘lchash vositalarining “NOMLAR RO‘YXATI”da yuridik shaxslarning hisoblagichlari 2 yilda bir marotaba, jismoniy shaxslar hisoblagichlarning qiyoslash davriyligi 4 yilda bir marotaba majburiy qiyoslovdan o‘tkazilishi belgilab berilgan. 29. “Me’yor” IChK rahbari Shavkat Rajabovdan savol: Mening shaxsiy elektron yuk tarozim bor, unin majburiy davlat qiyoslovidan o‘tkazishim shartmi? Javob: Agar, Siz shaxsiy yuk tarozingizni tijorat yo‘nalishida foydalansangiz belgilangan tartibda majburiy davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazib qiyoslov sertifikati olishingiz, elektron tarozingizni faqat shaxsiy ehtiyoj uchun foydalansangiz qiyoslovdan o‘tkazish ixtiyoriy deb e’tirof etiladi. 30. “Shosh Nasaf gaz servis” MChJ rahbari Muradov Azamatdan savol: Savol: Akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalarni mutaxassislari belgilangan tartibda attestatsiyalanishi va ushbu mutaxassis oliy ma’lumotli bo‘lishi shartligi belgilangan. Bizni sohada faoliyat yuritayotgan asosiy xodimlar o‘rta ma’lumotli. Shu boisdan tegishli huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘ladimi? Javob: “O‘zstandart” agentligining 2015 yil 11 dekabrdagi 697-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 30 dekabrda 2748-son bilan ro‘yxatga olingan Nizomda muvofiqlikni baholashga doir barcha talablar belgilangan. Ushbu Nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda. Yig‘ilishda sohaga doir yana qo‘shimcha savol- javoblar bo‘lib o‘tdi. “Metrolog” MChJ xodimi Jamshid Primov va “Xurshida invest tezkor” MChJ rahbari Oynisa Ochilovalar tomonidan elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qanday amaliy yordam ko‘rsatilishi mumkinligi to‘g‘risida murojaat etishdi. Ushbu masala bo‘yicha shahar hokimiyati va elektr ta’minoti korxonasiga rasmiy murojaat etish va masalani hal qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Yig‘ilish so‘ngida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.A.Haitov yig‘ilish ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirgan holda, bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham tashkillashtirilishi hamda muammo va takliflar bo‘lsa “O‘zstandart” agentligining (0371) 150-23-00 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish yoki “Yagona portal” orqali bildirishlari mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilishni Qashqadaryo viloyati hokimligi tadbirkorlarni qullab quvvatlash va eksportga ko‘maklashish guruhi rahbari S. Sodiqov yopiq deb e’lon qildi.