Davlatimiz rahbari Jizzax shahridagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda tadbirkorlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi davrda komputer, internet va boshqa aloqa vositalari olis qishloqlarda ham kundalik turmush tarzining ajralmas qismiga aylanib borayotir. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samaradorligi yildan-yilga oshib, komputer texnikasi va elektron hujjat aylanish tizimi rivojlanayotir. Barcha sohada ilg‘or kommunikatsiya texnologiyalari qulay va tezkor ma’lumot almashish va xizmat ko‘rsatish vositasiga aylanmoqda. 

Markazda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan muammo va masalalar yuzasidan turli soha mutaxassislaridan javob olishlari mumkin. 

Endi tadbirkor muammosini hal qilish uchun turli tashkilotlarga borib yurmaydi. Ushbu markazda barcha soha mutaxassislari ularning talab va takliflarini o‘rganadi va yechimini topadi. Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi tadbirkorlarning haqiqiy ko‘makchisi bo‘lishi lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Tumanlarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish markazlari tashkil etilib, ular tomorqadan samarali foydalanish, mikrobiznesni yo‘lga qo‘yish, mikrokreditlarni rasmiylashtirish, ajratilgan kreditlarni monitoring qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Viloyat bo‘yicha 91 ana shunday markaz ochilishi ko‘zda tutilgan. 

“Xalqni tadbirkor qilish” shiori ostida tijorat banklari tomonidan qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishda ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, kichik biznes subyektlarini sifatli, qulay, ishonchli resurslar bilan ta’minlashda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Agar biz eng olis hududlarda ham tadbirkorlikni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, avvalo, aholiga tadbirkorlik bo‘yicha yetarlicha tushuncha va bilim berishimiz kerak. Tadbirkorlarga imkoniyat va sharoit yaratib bersak, ular o‘zlarini ham, aholini ham ish bilan ta’minlaydi, dedi Prezidentimiz. 

Shu yerda viloyat iqtisodiyot kompleksi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlikka ko‘maklashish tizimi hamda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham ma’lumot berildi.