“O‘zstandart” agentligi “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” tashabbusi bilan 18 may kuni Milliy matbuot markazida 20 may-Butun jahon metrologiya kuni munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda asososan, “Respublikamizda o‘lchashlar birliligini ta’minlashning dolzarbligi” yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumot berildi.
Har yili Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (VIM) va Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (OIML) tomonidan 20 may –Butun jahon metrologiya kuni sifatida keng nishollanadi.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan 20 may-Butun jahon metrologiya kuni 2017 yilda “Transport uchun o‘lchashlar” shiori ostida e’lon qilindi.
Respublikamizda istiqlol yillarida boshqa sohalar qatori Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarini rivojlantirish maqsadida “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunlari qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatidan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlari mahalliy mahsulotlarimizni baholash natijalarini tan olish yo‘lidagi vazifalarning to‘laqonli va sifatli amalga oshirilishiga zamin yaratdi.
E’tiborli tomoni shundaki, 20 may -Butun jahon metrologiya bayrami arafasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarorining qabul qilingani, “O‘standart” agentligi faoliyatini jahon standartlari asosida takomillashtirishga imkoniyat yaratdi.
Qarorda belgilab berilganidek, mavjud “Milliy etalonlar markazi” davlat muassasi, “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” davlat korxonasi va “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot instituti” davlat muasssasining metrologik bo‘linmalari negizida “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasini (“O‘zMMI” DK) tashkil etilishi, shubhasiz dunyoning metrologik tashkilotlariga a’zo bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Bundan buyon “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi Respublikamizda etalonlar, eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini saqlab turish, ularni xalqaro darajada solishtirish, shuningdek, o‘lchov birliklarini saqlash va uzatish;
O‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish, metrologik nazorat natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni amalga oshirish hamda metrologik tekshiruvni va metrologiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalarini bajaradi.
Prezidentmizning qaroriga muvofiq 16 ta yuqori aniqlikdagi etalonlarni xarid qilinishi natijasida, xorijiy davlatlar o‘rtasida solishtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Respublikamizda chet davlatlariga korxonalar tomonidan qiyoslash uchun chiqarilayotgan o‘lchov vositalarining mamlakatimizda qiyoslash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Buning natijasida ishlab chiqarish korxonalarida valyuta mablag‘larini tejalishiga olib keladi.