Agentlikning viloyatdagi boʻlinmalari hamkorligida 21-oktyabr - Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan “Ona tilim – joni dilim” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvga Oʻzbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov ham taklif etildi.

Shuningdek, uchrashuvda tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Usmonjon Qosimov hamda viloyat maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Iqbol Umarovalar ham ishtirok etdilar.

Oʻzbekiston Qahramoni A.Eshmatov oʻz hayot yoʻlida ortirgan tajribalari haqida gapirib, yoshlarni Vatanni sevishga, ona tilini hurmat qilishga va uning ravnaqi yoʻlida fidoiy boʻlishga chaqirdi.

Bundan tashqari uchrashuvda oʻzbek tilining tarixi, uning asoschilari, jadidchi maʼrifatparvarlarimizning til ravnaqi yoʻlidagi harakatlari va “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Tadbir soʻngida hududiy filiallar tomonidan tayyorlangan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” mavzusidagi videorolik namoyishi boʻldi.