Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda poytaxtimizda o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqida tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etar ekan, yangi tahdidlar, jumladan, “ommaviy madaniyat” xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. 

Shu nuqtai nazardan xalqimiz ma’naviy olami, tarixiy merosini buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning yuksak insoniy tuyg‘ular ulug‘langan asarlari, adolat, xalqparvarlik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik ustuvorligiga asoslangan qarashlarisiz tasavvur etish qiyin. 

Ulug‘ so‘z san’atkorining o‘z umr yo‘li va hayot saboqlariga tayanib yaratgan “Mahbub ul-qulub” asarida bu yaqqol o‘z ifodasini topgan. Asarda odobli odamning e’zozlanishi, elga manzurligi quyidagicha ta’riflanadi: “Tavozu’ xalqni kishi muhabbatig‘a shefta qilur va ulusni foil mavaddatiga firefta qilur. Do‘stlug‘ gulshanida nazorat gullari ochar va ul gulshandin uns va ulfat bazmida turluk gullar sochar” (Ma’nosi: tavoze’, muloyimlik odamlarni muhabbatga sazovor etadi va xalqni faoliyat egasi – o‘sha tavoze’kor kishi muhabbatiga giriftor etadi. Tavoze’ do‘stlik gulshanida nazarlarni xushnud etuvchi gullarni va ham shu gulshan yaqinliq va ulfat gullarini boshga sochadi). 

Alisher Navoiy odobli, xushtavoze’ odamlar ko‘pchilikning hurmatiga sazovordirlar, ulardan yaxshi do‘st, bama’ni ulfat chiqadi, deydi. Odobli kishi dushmanni ham rom qila olishi mumkin, dushman ko‘ngliga ham yo‘l topa oladi. Tavoze’li kishining takror muomalalari uyatsiz, hayosiz mutakabbirlarni ham insofga keltirib, yaxshi yo‘lga qaytarishi mumkin. Xushtavoze’ kishilar birovga bir dirham bermay xursand qila oladi, ularning shirin tili dilga quvvat, nozik harakati ruhga madad. 

“Adab kichik yoshlig‘larni ulug‘lar duosiga sazovor etar va ul duo barakati bila umrdin barxurdor (bahramand)”. Odobli bola kishi ko‘ziga ulug‘sifat ko‘rinadi, mehru muhabbatingiz ortadi. Bunday yoshlarga behuda, yomon ko‘z bilan qarashdan odam o‘zini saqlaydi. Odob muhabbatning paydo bo‘lishi va taraqqiy topishida ahamiyati katta, deydi shoir. Chunki muhabbat – o‘zaro hurmat asosida vujudga keladi. Layli va Majnun, Vomiq bilan Uzro, Farhod va Shirin orasidagi muhabbatni ularning nazokatli muomalasi, muloqotlardagi xushtavoze’lik yuz chandon kuchaytiradi. 

Ayni paytda xushtavoze’likka qarama-qarshi qilib manmanlik, qo‘rslik va takabburlikni tilga oladi. Uning nazarida bunday odati borlar yaxshi kishilar emas. Shoir shuni ham zukkolik bilan qayd etadiki, odobu tavoze’ – kishining o‘zini yerga urishi emas, balki o‘zgalarni hurmat kilishi, odamiylik ravishini puxta egallaganini bildiradi. Kamtarinlik, xokisorlikni mutelik, laganbardorlik deb yurganlar adashadi. Aksincha, xoksor odamlarda ichki insoniy g‘urur, o‘z qadriga va o‘zgalar qadriga yetish hissi ustuvordir. Xokisorlik ko‘p o‘qish, ko‘p bilish va hikmat-donishga ehtirom belgisi: 

Aqlu hikmat ishidur bo‘yla maoshu oyin, 
Qayda topqay muni har nafsparastu xudbin.
 

Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida xudparast mutakabbirlarga tanbeh berar ekan, ularning toifalari, qiliqlari va psixologiyasini ham ko‘rsatishga harakat qiladi. Xudpisandlarni umumlashtirib, ikki guruhga bo‘lgan. Birinchi guruhga o‘zining nomaqbul ahvoliga ko‘ngan, ammo undan qutulolmagan kishilar kiradi. Bunday kishilar “o‘zining ahvoli va a’voli” elga yoqmasa ham o‘zlariga “mahbubu marg‘ub ko‘ringan” va ular shu bilan qanoatlanadilar. Ammo shundaylar ham borki, bu toifadagilar “jami holoti va noxush xayoloti”ni pisanda va shoista hisoblab, o‘zlarini eng aziz va muhtaram kishilar qatorida ko‘rsatish va bemaza qiliqlarini manzur, ma’qul fazilat deb jar solishni kanda qilmaydilar, boshqalarni ham shunga ko‘ndirmoqchi bo‘ladilar. Shoir bularni ikkinchi guruhga kiritib, eng xavfli va jamiyatni buzuvchi noxush kishilar, deb hisoblaydi. Xudparast, behayo odamdan har narsa kutish mumkin, chunki ularning ko‘pi noshar’iy, iflos ishlar bilan shug‘ullanib, badnom bo‘ldilar. 

Alisher Navoiy bunday kimsalarning ko‘pini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, aksar qismiga nasihatlar qilgani, ammo foyda bermagani, oxir-oqibatda ular nasihat qiluvchi azizlarni ham haqorat etib, dilini ranjitganini yozgan: “Bu xudpisandi badkirdor va bu lavandi murdor bu padid majlisdakim, zindon andin yaxshiroq va bu najasiy mahallidakim, mustapoh andin arig‘roqdur agar ilayidin kekirsa va keynidin o‘zga yel sekirsa, o‘z qoshida mahbublug‘i ul martabada va o‘z af’olining xo‘blug‘i o‘z olida ul masobadakim, tama’i bukim, bazmidag‘i hozirlar va bu ahvol va af’olig‘a voqif va nozirlar bu voqe’ bo‘lg‘on harakotning ham unin dilpisand degaylar, ham royihasin dimoqqa sudmand degaylar”. 

G‘azab va nafratning shiddatini qarang. Odam noshoista, noma’qul qiliqlari bilan maqtansa, buni fazilat deb kerilsa, yana boshqalar uni maqtab tursa. Axir bu nozikta’b, qalbi rubob toriday nozik shoirning g‘azabini keltirmaydimi? 

Xondamir, Vosifiy va boshqa zamondoshlarining asarlaridan bilamizki, Alisher Navoiy tabiati g‘oyat nozik, pok, xushxulq va o‘ta nazokatli kishilarni yaxshi ko‘rgan, lutf-karam, so‘z ma’nolari bilan zavqlanishga moyil bo‘lgan, o‘zi ham juda nozikmijoz odam sifatida nom qozongan. Shu sababli “Mahbub ul-qulub”dagi “tanbeh”larida hayo, hilm, karam kabi sifatlarga alohida urg‘u berib ta’riflaydi. “Karam va muruvvat ota va onadurlar, vafo va hayo – ikki hamzod farzand”, deb yozadi u. Vafo va hayoni egizak degan shoir buni asoslab “vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q”, deb yana o‘tkirlashtiradi. Demak, bu tushunchalar bir-biriga vobasta. Chunki ma’rifatli, komil insonlar hayoli va vafodor kishilardir. Vafosizning jabri qancha bo‘lsa, hayosizning beandishaligi ham shuncha ozor keltiradi. Shoir buni o‘z boshidan o‘tkazgan: “Zamon ahli bevafolig‘idin ko‘ksumga tuganlar va davron xayli behayolig‘idin bag‘rimda tikanlar...”. 

Hilm, ya’ni halimlik ham Alisher Navoiy nazarida kishining maqbul sifatidir. “Hilmni havodis daryosida kishilik kemasining langari desa bo‘lur va insoniyat mezoni toshiga nisbat qilsa bo‘lur”. Demak, axloqiy kamolot uchun muloyim, halim bo‘lish ham zarur. Ammo, afsuski, deydi shoir, zamon bunday odamlarga munosib emas. Halim odamlar xoru sargardon: “Eldek har eshikdin kirarg‘a orlari yo‘q, o‘tdek otashdonlig‘idin o‘zga shiorlari yo‘q”. Halimlarning “kamchiligi” shuki, ular rostgo‘y, haqtalab bo‘ladilar, qayerga borsalar haq gapni aytadilar, bu aksar odamlarga yoqmaydi. Shunday bo‘lsa-da, baribir haqgo‘y, batamkin odamning qadri baland. 

Alisher Navoiy odob-xulq masalasiga, kishining axloqiy sifatlariga katta e’tibor bergan. Yaxshi xislatlar, odamiylik sifatlarini ulug‘lagan. Yaxshi odob, yaxshi xulq – saodat kaliti, deb ta’riflagan. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida qayd etilganidek, inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz.

Manba: O'zA