Soʻngi yillarda Hindiston va Oʻzbekiston Respublikalari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi, Hindiston Respublikasining Toshkent shahridagi elchixonasi hamkorligida Hindiston Standartlar Byurosi (BIS) bilan standartlashtirish 
va muvofiqlikni baholash sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlantirilib kelinmoqda.

Shuningdek, Hindiston Texnik va Iqtisodiy Hamkorligi (ITEC) grant dasturi asosida standartlashtirish, menejment tizimlari sohalar yoʻnalishida xodimlar malakasi oshirilib, ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari xabar berganidek, joriy yilning
11-dekabr kuni Oʻzbekiston va Hindiston davlatlari rahbarlarining onlayn sammiti boʻlib oʻtdi. Uchrashuv doirasida iqtisodiyot, innovatsiyalar, moliyaviy-texnik koʻmak, bojxona ishi, kadrlar tayyorlash va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishga doir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan sammit doirasida Hindiston Standartlar Byurosi (BIS) va “Oʻzstandart” agentligi oʻrtasida ham Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.

Imzolangan Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, sinov natijalari va muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro eʼtirof etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, malaka almashish uchun treninglar 
va seminarlar tashkil etishga huquqiy asos yaratadi.

“Oʻzstandart” agentligi 
Xalqaro munosabatlar boshqarmasi