Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi bilan huquqiy asosida quyi palataga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kirish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari Qo‘mitasida ishchi guruhi tomonidan mazkur hujjat birinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Joriy yilning 7 fevral kuni kiritilgan qonun loyihasi ishchi guruh tomonidan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘ri chiqilib, har tomonlama muxokama qilindi.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning ushbu bosqichida, ishlab chiqaruvchilarimizning yangi texnologiyalar bilan ta’minlanishi, mahsulot va xizmatlarning havfsiz va raqobatbardosh, eksportbop bo‘lishiga yangicha yondashish bugungi kuning muhim talablaridan biridir. Shu ma’noda, kiritilayotgan qonun loyihasi texnik reglamentlarga rioya qilish ustidan samarali davlat nazoratini hamda O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlarining normalarini to‘laqonli amalga oshirishni ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, texnik reglamentlar talablarini, shuningdek, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari (markazlar) tomonidan sertifikatlashtirish qoidalari buzilganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Aytish joiz, amaldagi qonunchilikda faqatgina tayyorlovchilarga (tadbirkorlarga) mahsulotni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu qoidalar sertifikatlashtirish organlari va akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari (markazlar) tomonidan buzilgan hollarda esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ularni ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilmagan. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yil davomida muvofiqlikni baholash va texnik jihatdan tartibda solish sohasida talablarni buzganlik uchun 48 ta sertifikatlashtirish organlari va 75 ta sinov laboratoriyalarining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomalarining amal qilishi to‘xtatib turildi, 19 ta sertifikatlashtirish organlari va 6 ta sinov laboratoriyalarining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomalari amal qilishi tugatildi. Ushbu ma’lumotlar sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalari tomonidan o‘rnatilgan tartib buzilayotganligi va ushbu huquqbuzarlik uchun javobgarlik masasasarini kiritish lozimligidan dalolat beradi.