Muvofiqliknn baholash organlarini akkreditatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 martdagi PQ-3643 sonli Qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshida “Akkreditatsiya markazi” tashkil etildi. Markaz “O’zstandart” agentligining “O’zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi” davlat korxonasi negizida tuzildi.

Qayta tashkil etilgan Markazga “O’zstandart” agentligining muvofiqlikni baholash organlarini, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish va inspektsiya nazorati sohasidagi vazifalari yuklatildi.

Markazning faoliyat sohasi tovarlar va xizmatlarni baholash va sertifikatlashni amalga oshiruvchi barcha davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan tadbiq etiladi. Uning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro standartlarga ko‘ra akkreditatsiya qilish, shuningdek, muvofiqlikni baholash bo‘yicha akkreditatsiya qilingan organlar va metrologiya xizmatlarining belgilangan shartlar va talablarni bajarishi ustidan inspektsiya nazoratini amalga oshirish;
  • xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qilish, ushbu sohada xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish;
  • muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida milliy va xalqaro ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshirilayotgan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi vazifalarini bajarish.