Donishmandlardan biri, Orifning qalbidek keng va katta bo‘lgan narsa yo‘qdir. Yer va osmonlar orifning qalbiga nisbatan bir nuqta kabidir. Bu jihatdan, Alloh; “Yer va osmonlarga sig‘madim, ammo mo‘min bandaning qalbiga sig‘dim”, deb aytgan ekan.
Haqiqatdan ham insonning qalbi sof tuyg‘ular, ilmu-ma’rifat va hikmatlar sarshashmalaridan quvvatlansa, shubhasiz o‘z sohibini yaxshiliklar tomon yetaklaydi. Eng asosiysi bunday insonlar eli, yurti va xalqining farovonligi yo‘lida fidoiylik bilan mehnat qiladi.
Albatta, hayotda insonni tarbiyasi bilan shug‘ullanishdek mashaqqatli yumush bo‘lmasa kerak. Bu jarayon esa doimo mehnatu, zahmatni, e’tiborni va ziyraklikni talab etadi. Ayrim sohalar va tizimlarda ma’lum bir vaqtlarda tanaffuslar bo‘lishi mumkin. Ammo ta’lim va tarbiyada hech qachon tanaffus bo‘lmaydi.
“O‘zstandart” agentligi tizimida mehnat qilayotgan xodimlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi tadbirlarni tizimli tashkil etilayotgani, har bir mutaxassisning kasbiy mahoratini oshirish bilan birga, ularning ma’naviy dunyoqarashlarini boyitishga xizmat qilmoqda.
Ayni muborak kunlarda navbatdagi uchrashuvga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari taklif etildi.
Uchrashuvda shayx hazratlari xodimlarga Ramazon oyi munosabati bilan yurtimizda Islom arkonlariga e’tibor berilayotgani, eski qo‘lyozmalarning tarjima qilinayotgani va mo‘min musulmonlar ro‘za tutish amallarini bajarayotganlari hamda ulug‘ kunlarda yurtimizda ko‘plab saxovatli tadbirlar tashkil etilayotgani xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek yurtimizda “Halol” standartlarining qabul qilingani va uning ahamiyatli jihatlari to‘g‘risida ham mulohazalar bildirildi.