“O’zstandart” agentligi “Axborot-ma’lumot markazi” DK va “Kozog‘iston standartlashtirish va sertifikatlashtirish instituti” Respublika davlat korxonasi o‘rtasida “Kataloglashtirish” MAT (Mintaqaviy axborot tizimi) ga qo‘shilish kelishuvi imzolandi.

 Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasining xalqaro amaliyotida qabul qilingan hisobga olish va statistika tizimiga o‘tish davlat dasturi to‘g‘risida” qaroriga asosan, “O’zstandart” agentligiga mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni shakillantirish Davlat tizimini yaratish vazifasi yuklatilgan edi.

Hozirgi kunda “O’zstandart” agentligining Axborot-ma’lumot markazi  tomonidan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakillantirish ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar Respublikamizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga 17 000 dan ortiq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan to‘plam shakllantirildi. 

Mahsulotlar haqidagi ma’lumot bu nima degan savol tug‘ilishi tabiiy. Katalog varag‘i - bu rekvizitlarni yagona to‘plami ko‘rinishidagi mahsulot to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjat. Xususan so‘z mahsulotlarning nomi, ishlab chiqaruvchi korxona, mahsulotga me’yoriy hujjatlar va uning asosiy iste’molchi tavsiflari to‘g‘risida ketаyapti.

Halqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati bilan birgalikda mahsulotlarni kataloglashtirish bo‘yicha yagona tizimi shakllantirildi. Ushbu tizim O’rta Osiyo davlatlari (O’zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston) da ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi belgilandi. Mazkur tizimning ishga tushishi O’zbekiston va o‘rta Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq munosabatlarini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan joriy yilning 27 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Davlatlararo kengashning 53-yig‘ilishida “O’zstandart” agentligi Axborot-ma’lumot markazi va Qozog‘iston standartlashtirish va sertifikatlashtirish instituti o‘rtasida Mahsulotlarning yagona axborot tizimiga qo‘shilish yuzasidan kelishuvi imzolandi.

Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi, ishlab chiqaruvchilar va chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risida sub’ektlarni xabardor qilish, ularni rekvizitlari bilan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarni onlayn ro‘yxatga olish,va mahsulotlarni katalog varaqlarini onlayn to‘ldirish va ro‘yxatga olish,ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni monitoringi va tahlilini ta’minlash, mahsulotlarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan me’yoriy hujjatlarni monitoringi va tahlilini ta’minlash, elektron katalogni shakllantirish, ishlab chiqaruvchilar va mahsulotlarni kengaytirilgan tarzda izlash kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

Ushbu kelishuvni imzolanishi mamlakatimiz va xorijiy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi savdo-sotiq munosabatlarini rivojlantirishga olib keladi. Masofada turib O’rta Osiyo mamlakatlarida ro‘yxatga olingan ishlab chiqaruvchilar, ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning texnik tavsiflari to‘g‘risida tez va sifatli axborot olish imkonini beradi.

Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlarga, ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berish va olish imkoniyatini, ularni manfaatdor iste’molchilarga sotish, shuningdek ularni chet el bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari yaratiladi.

Axborot xizmati