O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-sonli "Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorida milliy standartlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish darajasini yanada oshirish, standartlashtirish bo‘yicha xalqaro, hududiy tashkilotlar qoshidagi texnik qo‘mitalarga a’zo bo‘lishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu o‘rinda, qaror ijrosini ta’minlash va xalqaro tajribadan kelib chiqib, joriy yilning 9 yanvar kuni “O‘zstandart” agentligi tizimidagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti xalqaro GLOBALG.A.P tashkilotiga a’zo bo‘ldi.
Xalqaro GLOBALG.A.P tashkilotiga a’zo bo‘lish, GLOBALG.A.P halqaro standarti talablari asosida meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, ushbu turdagi mahsulotlarni Yevropa davlatlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro biznes kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga xalqaro standartlar va sertifikatlashtirishga bo‘lgan zamonaviy talablarni o‘rnatish, mutaxasislar tayyorlash, texnik qo‘mitalar faoliyatini kengaytirish imkoniyatini yaratadi.