Inson odob-axloq va ilmu-ma’rifat ko‘magida yuksak martabalarga erishadi. Buning uchun unga ilk saboqni bergan o‘qituvchisi va maktabining o‘rni beqiyosdir.

Shuning uchun bo‘lsa kerak har birimiz o‘zimiz tahsil olgan jonajon maktabimizga oshiqamiz. Bolalikdagi xotiralar tiniq va beg‘ubor bo‘ladi. Unga bir umr qayta-qayta murojaat qilaveramiz.

O‘zgarayotgan O‘zbekistonimizda boshqa sohalar qatori ta’lim va tarbiya tizimi ham tubdan o‘zgarishga ehtiyojlik sezmoqda. Muhtaram Prezidentimizning xayrli tashabbuslari bilan maktablarga va u yerda tahsil olayotgan yoshlarimizning ma’naviy kamolotlariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

E’tiborli jihatlardan biri shundaki, maktablarimizda kitobxonlik madaniyati shakllantirilib, kutubxonalar badiiy adabiyotlar bilan boyitilayotgani xalqimizni xursand qilmoqda.

“O‘zstandart” agentligi Bosh direktor o‘rinbosari J.Shukurov o‘zi tahsil olgan Qarshi shahridagi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, ustozlar va o‘quvchilar bilan samimiy suhbatda bo‘ldi.

Ta’lim va tarbiya sohasidagi yangiliklar, o‘qituvchilar va o‘quvchilarga bo‘layotgan e’tibor suhbatning asosiy mavzusiga aylandi. Shundan so‘ng J.Shukurov maktab kutubxonasiga o‘zi bilan olib kelgan kitoblarni sovg‘a qildi.