“O‘zstandart” agentligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bo‘layotgan har bir murojaatga o‘z vaqtida e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, hozirgi kunda yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish va karantin davrida bu masala dolzarbligicha qolmoqda.
Agentlik tizimidagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning hududiy filiallarida pandemiya davrida murojaatlarni onlayn tarzda qabul qilish va ish faoliyatni qisman masofaviy tarzda olib borish yo‘lga qo‘yildi. Murojaatlar tahliliga ko‘ra, metrologiya sohasida asosan asbob-uskunalarni joriy va birlamchi sinovlardan o‘tkazib berish so‘ralgan.
Joriy yilning 16 martidan ayni kunga qadar O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va hududiy filiallari metrologik laboratoriyalari tomonidan ishlab chiqaruvchi hamda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining jami 2 392 ta metrologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha arizalar kelib tushgan bo‘lib, shulardan o‘lchash vositalarni davriy qiyoslash 1 988 ta murojaat (83 %), o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiya ya’ni, birlamchi sinovdan o‘tkazish 404 ta (17 %)ni tashkil etdi.
Natijada 27 421 dona o‘lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi. Bundan 25 761 donasi (94%) o‘lchash vositalarni davriy qiyoslash bo‘lsa, 1 660 donasi (6 %) o‘lchash vositalarni metrologik attestatlashdan iborat bo‘ldi.