Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish davr talabi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 28 apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash-tirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2935-son qaroriga asosan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning yagonaligini ta’minlash va sertifikatlash tizimida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

E’tiborli tomoni shundaki, eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlarni yaratish, milliy sertifikatlar va muvofiqlikni baholash ishlarining natijalari asosiy eksport bozorlarida tan olinishiga yo‘naltirilgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga imkoniyat yaratdi.

Ushbu qarorlarga muvofiq bugungi kunda Byuro “O‘zstandart” agentligi tarkibidan “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tizimiga o‘tkazildi.

Byuroning asosiy vazifalari etib quyidagilar etib belgilandi:

eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning birligini ta’minlash, akkreditatsiyalash, sertifikatlash, yorliqlash, o‘rash va boshqa parametrlar bo‘yicha xalqaro va mamlakatlararo talablar yuzasidan bepul konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish;

ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishda standartlar bo‘yicha xalqaro va mamlakatlararo talablarni joriy etish va ular darajasiga erishish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy bozorlarga kiritish bo‘yicha zarur ma’lumotlarni olish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga axborot-konsultatsiya yordami ko‘rsatish;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning birligini ta’minlash, akkreditatsiyalash, sertifikatlash, yorliqlash, o‘rash va boshqa parametrlar bo‘yicha xalqaro va mamlakatlararo talablarni tahlil qiladi va o‘rganadi;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning birligini ta’minlash, akkreditatsiyalash, sertifikatlash, yorliqlash, o‘rash va boshqa parametrlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va doimiy yangilab boradi;

Byuro faolityatini qayta ko‘rib chiqish o‘ziga xos muhim afzalliklariga ega. Bular:

Birinchidan, eksportyor koxonalarga bojxona terminallarida to‘g‘ridan–to‘g‘ri eksport jarayonlarini kuzatish;

Ikkinchidan, mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonlarida bevosita qatnashish;

Uchinchidan, eksport qilinayotgan mahsulotlarning me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan laboratoriya tahlillarida, tekshiruvlarida bevosita ishtirok etish;

To‘rtinchidan, hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlarida tadbirkorlik sub’ektlari bilan bevosita muloqotda bo‘lishi natijasida, ko‘rsatilayotgan sohaga oid bepul konsultatsiyalar berish imkoniyati yanada kengayadi;

Beshinchidan, xalqaro ISO standartlari asosida sifat menejmenti tizimlarini joriy etishda korxonalarda targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish yanada kengayadi;

Oltinchidan, hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlarida eksportyor korxonalar uchun “Eksportga ko‘maklashish burchagi”ni tashkil qilish imkoniyati yaratiladi;

Yettinchidan, hududlardagi mavjud eksportyor korxonalarning har biriga hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari mutaxassislarini mas’ul qilib belgilash imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2935 hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 348-son Qarorlariga muvofiq Byuro o‘z oldiga quyidagilarni asosiy vazifa sifatida belgilab oldi:

- Respublikadagi mavjud va yangidan tashkil etiluvchi “Erkin iqtisodiy industrial hudud”larda faoliyat yuritayotgan va yuritishi ko‘zda tutilgan ishlab chiqaruvchi va eksporter korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

- Respublikamizning 66 ta meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarida Byuroning faoliyatini yoritish va tarqatma materiallar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish;

- “O‘zstandart” agentligi “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi va Savdo sanoat palatasining hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda, joylarda har bir eksportyor korxonaning pasportlarini shakllantirish;

- Savdo sanoat palatasi, “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash” Jamg‘armasi hamda “O‘zstandart” agentligi hududiy bo‘linmalarining viloyat xokimlik qoshidagi ekspert ishchi guruhi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Respublikamizning barcha tarmoqlari kabi texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning yagonaligini ta’minlash va sertifikatlash sohasida ham tadbirkorlik sub’ektlarini, ayniqsa, eksportyor korxonalarga imtiyozlar yartilgan. Bunga yaqqol misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 apreldagi 122–sonli «Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq eksportga yetkazib berish uchun ishlab chiqilgan mahsulotlarni majburiy ravishda sertifikatlash bekor qilinganligini ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar! Siz eksport qilish jarayonida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, o‘lchovlarning yagonaligini ta’minlash va sertifikatlash yuzasidan qiziqtirayotgan savollar va faoliyatingiz davomida tizimda qiziqtirayotgan savol yoki duch kelayotgan muammolarning yechimini topishda “O‘zstandart” agentligi “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish Byurosi va uning hududiy bo‘linmalariga murojaat etishingiz mumkin.

Murojaat uchun manzil:

Toshkent shahar, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasi 333-a uy.

Aloqa telefonlari 0371 2020011 (ichki: 1009, 1034).