O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI) hamda Bosniya va Gersegovina milliy metrologiya instituti (IMBiH) o‘rtasidagi O‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish doirasida 2018 yil 23 dekabrdan 26 dekabrgacha davrda Toshkent shahrida O‘zMMI rahbariyati va IMBiH direktori janob Ziyad Dzemich o‘rtasida ishga oid uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

IMBiH quyidagi xalqaro va hududiy tashkilotlar a’zosi hisoblanadi:
Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) / O‘lchov va tarozilar bosh konferensiyasi (CGPM) – 2011 yildan assotsiatsiyalangan a’zo;
Metrologiya sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa dasturi (EMRP) – 2013 yildan a’zo;
Milliy metrologiya institutlari Yevropa assotsiatsiyasi (EURAMET) – 2009 yildan a’zo;
Xalqaro asillik (probirnaya) laboratoriyalar assotsiatsiyasi (IAAO) – 2010 yildan kuzatuvchi;
Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (OIML) – 1997 yil martdan muhbir-a’zo;
Qonunlashtiruvchi metrologiya bo‘yicha Yevropa hamkorligi (WELMEC) – 2009 yildan assotsiatsiyalangan a’zo.

Ishga oid uchrashuv O‘zMMI laboratoriyalarining joriy etilgan sifat menejmenti tizimi, xodimlarning texnik bilim darajasi hamda laboratoriyalarning kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlarga doir faoliyati bilan tanishishga qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi hamda Bosniya va Gersegovina milliy metrologiya institutlari ilg‘or xodimlarining tajriba va texnik bilim almashishi, ikki tomonlama amaliyot va treninglar o‘tkzish, shuningdek laboratoriyalararo solishtirishlarda, shu jumladan hududiy metrologiya tashkilotlari doirasida, birgalikda ishtirok etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishdi.
Respublikaning kalibrlash xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarining tahlilini hisobga olgan holda, metrologiyaning massa va u bilan bog‘liq kattaliklar (massa, bosim), termometriya va issiqlik fizikasi, elektr va magnetizm kabi sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


O‘zMMI laboratoriyalarining, muhim jihatlari hozirgi paytda kelishish bosqichida bo‘lgan, Milliy o‘lchash etalonlarining hamda milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash natijalarining o‘zaro e’tirof etilishi to‘g‘risidagi kelishuvda (CIPM MRA) faol ishtirok etishiga erishishga qaratilgan Hamkorlik dasturining imzolanishi uchrashuv natijasi bo‘ladi.