Iste’molchilarning oziq-ovqat mahsuloti to‘g‘risida ishonchli ma’lumotga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 iyuldagi 490-son qarori bilan “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamenti tasdiqlangan bo‘lib, unda oziq-ovqat mahsuloti davlat tilidagi yozuvlar tarzida tamg‘alanishi belgilab qo‘yilgan.

Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan sertifikatlashtirish jarayonida importyor “New Optimal” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yurtimizga olib kelingan “RED BULL” savdo markasidagi energetik ichimligi (ishlab chiqaruvchi “RAUCH FRUCHTSAFTE GMBH & CO. OG”, Avstriya) yuqorida keltirilgan umumiy texnik reglamentning yorliqlanish qismi talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan ichimlik yorliqdagi ma’lumotlar davlat tilida mavjud bo‘lmaganligi sababli mahsulotga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirish rad etildi.