Joriy yilning 26 oktyabridan "O'zekspomarkaz" OAJ ko'rgazmali maydonchalarida IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi bo'lib o'tmoqda. Unda respublikaning 2000 dan ortiq barcha sanoat tarmoqlaridagi korxonalar, jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari ishtirok etmoqda.

Tadbirning asosiy maqsadi – bu xo‘jalik sub’ektlariga ishlab chiqarishni rivojlantirish, tarmoqlar ichidagi va tarmoqlararo kooperatsiyani mustahkamlash va rivojlantirish, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni keng miqyosda ommalashtirish, hamkorlarni topish va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘z mahsulotlarini yetkazib berish to‘g‘risida, jumladan eksport uchun ham shartnomalarni tuzishda ko‘mak ko‘rsatishdir.

Odatdagidek, navbatdagi Xalqaro sanoat yarmarkasiga “O‘zstandart” agentligining stendi tayyorlanib, unda sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish, Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish Byurosi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan. Ushbu yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun “O‘zstandart” agentligi va uning korxonalari faoliyati to‘g‘risida mingdan ortiq bukletlar tayyorlandi.

Shu bilan birga, “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari tomonidan yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun yangi mahsulot turlariga me’yoriy – texnik hujjatlarni ishlab chiqish; mahsulotni eksport qilishda tegishli hujjatlarni tayyorlash; xalqaro standartlarga javob beradigan sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha konsultativ xizmatlar ko‘rsatilmoqda.