Ushbu tadbir doirasida jurnalistlar Chirchiq sinov va sertifikatlashtirish markazi faoliyati hamda uning hududdagi ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorligi to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Mediatur qatnashchilari “O‘zbekkimyomash”, “Chirchiq transformator zavodi”, hamda “Ezgulik sari agro” issiqxonalarida bo‘lib, ishlab chiqish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, jurnalistlar Markazning “Chirchiq sifat” akkreditlangan sinov laboratoriyasida mahsulotlar sinovi jarayonini kuzatdilar. U yerda umumiy fizika-kimyo va xavfsizlik xonalarida xodimlarning ishlash jarayoniga guvoh bo‘ldilar. Shu yerning o‘zida OAV vakillarini qiziqtirgan savollariga Sinov laboratoriyasi bo‘lim boshlig‘i N.Fayziyeva javob berdi.

2018 yil 15 fevraldagi “Tibbiyotda qo‘llaniladigan laboratoriya va diagnostika uskunalarining metrologik nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 112-sonli Vazirlar Mahkamasining Qarori ijrosini ta’minlanishi bo‘yicha markaz tomonidan hududdagi tibbiyot birlashmalarining o‘zida tibbiyot uskunalari metrologik tekshiruvidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

OAV xodimlari markaz bilan hamkorlikda ishlayotgan “Ventra” klinikasida bo‘lib, tibbiyot uskunalarini ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdilar.

Mediatur yakunida, Chirchiq sinov va sertifikatlashtirish markazida xodimlar va jurnalistlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda markaz direktori D.Atabekov markazning 2018 va 2019 yillardagi faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.